📌 Osh

📌 Osh

🔅Kerakli masalliqlar:

1 kg go’sht (qo’y yoki mol go’shti)

1 kg sabzi(qizil va sariq)

3-4 ta piyoz

1 kg guruch

Ta’bga ko’ra zira, qora maydalanmagan murch, barbaris, zarcho’va hamda mayiz

🔅Tayyorlash bosqichlari:

1. Avvalo, qozonni ozgina qizdirib olamiz, so’ng 3-4 cho’mich yog’ solamiz.

2. Qozonda yog’ qizigunga qadar piyozlarimizni yarimhalqa shaklida to’g’rab olamiz. Qozon qizigandan so’ng piyozlarni solib qovuramiz.

3. Go’shtni bo’laklarga bo’lamiz. Piyoz och oltinrang tusga kirganidan so’ng go’shtni qozonga solamiz. Ta’bga ko’ra tuz solamiz.

4. So’ng sabzilarni archib, somoncha shaklida to’g’raymiz. Go’sht ozgina pishganidan so’ng sabzining yarmini solamiz. Yana ozgina vaqt o’tgandan so’ng sabzilarni qolgan yarmini ham solamiz. Ta’bga ko’ra tuz solamiz.

Birinchi marta solgan sabzilarimiz oshga shirin ta’m bersa, ikkinchi marta solganlarimiz oshga o’zgacha chiroy beradi.

5. Sabzilar pishganidan so’ng qozonga go’shtlarning ustini yopgunga qadar suv solamiz. Ozginchadan so’ng ta’bga ko’ra zira, mayiz, barbaris, zarcho’va, qora murch solamiz. Qaynab chiqqanidan so’ng tuzuni ko’rib, kerak bo’lsa yana ozgincha tuz solishimiz mumkin va olovni ozgina pastlatib qo’yamiz.

6. Oshning zirvagini kamida 45 daqiqa davomida qaynatamiz.

7. Guruchni 3 marta yuvamiz va tuzli suvda 15-20 daqiqa davomida ivitamiz. So’ng suvini to’kib tashlaymiz.

8. Guruchni solishdan avval oshning zirvagini bir marta aralashtiramiz, go’shtlarni sabzining ustiga chiqarib qo’yamiz. Keyin zirvak ustidan bir tekis qilib yoyib chiqamiz. Olovni maksimumgacha baland qilamizda, guruch ustidan 3 sm baland bo’lguncha kapkirni ustidan qilib qaynoq suv solamiz.

9. Guruch suvni shimib olgach, olovni o’rtacha balandlikkacha pasaytiramiz va guruch tayyor bo’lguncha pishiramiz.

10. Guruchga kapkir bilan yengil urib ko’ramiz. Agar bunda chiqadigan ovoz jarangdor bo’lmasa, guruchda tayoqcha yordamida qozon tubigacha bo’lgan chuqurchalar hosil qilinadi va ozgincha ustidan kapkir bilan yurg’izib shu chuqurchalar usti yopiladi.

11. So’ng kapkir bilan guruchni teskari tarafiga o’girib chiqiladi. Ozgincha vaqt o’tgach yana guruchga kapkir bilan urib ko’riladi. Agar jarangdor ovoz eshitilsa, guruch tekislanadi va unda yana chuqurchalar hosil qilinadi(agar shu chuqurchalarga ozginadan zira solinsa osh ishtahaochar hidga ega bo’ladi , qozonning qopqog’i yopiladi, olov yanada pastroq qilinadi va osh 30 daqiqaga damlab qo’yiladi.

Palov tayyor! Uni bedana tuxumlari hamda qazi bilan bezatish mumkin.

Yoqimli ishtaha✨😋😊